Найти
Результаты поиска
-
POLIPSIZ SURUNKALI RINOSINUSITDA KOMPYUTER TOMOGRAFIYASI KO‘RSATKICHLARI, SNOT-22 VA KASALLIK OG‘IRLIGI O‘RTASIDAGI BOG‘LIQLIK
Polipsiz surunkali rinosinusit (CRSsNP) bilan og‘rigan bemorlarda kompyuter tomografiyasi (KT) ko‘rsatkichlarining SNOT-22 so‘rovnomasi va kasallik og‘irligi bilan bog‘liqligini baholash. Prospektiv kesma tadqiqotga EPOS 2020 mezonlari bo‘yicha CRSsNP tashxisi qo‘yilgan 120 nafar bemor kiritildi. Kasallik og‘irligi vizual analog shkala (VAS) bo‘yicha baholanib, bemorlar yengil, o‘rta va og‘ir guruhlarga ajratildi. Burun yondosh bo‘shliqlarining KT natijalari Lund-Mackay shkalasi bo‘yicha baholandi, SNOT-22 so‘rovnomasi uni to‘ldirgan bemorlarda tahlil qilindi. Lund-Mackay ko‘rsatkichining medianasi 9 (6; 12) ballni tashkil etdi. Eng ko‘p gaymor bo‘shlig‘i (98,3%) va oldingi g‘alvirsimon hujayralar (80,0%) zararlangan, ostiomeatal kompleks yopilishi 73,3% bemorda aniqlangan. Lund-Mackay ko‘rsatkichi og‘irlik guruhlari o‘rtasida farq qildi (yengil – 7, o‘rta – 9, og‘ir – 11 ball; p = 0,002), biroq SNOT-22 bilan faqat kuchsiz bog‘liq bo‘ldi (r = 0,21; p = 0,04). SNOT-22 ning burun simptomlari sohasi Lund-Mackay bilan kuchliroq bog‘liq edi (r = 0,29). CRSsNPda KT bo‘yicha jarayonning tarqalganligi kasallik og‘irligi bilan bog‘liq, ammo bemorning sub’ektiv simptomlarini to‘liq aks ettirmaydi. Kasallikni baholashda KT ko‘rsatkichlarini SNOT-22 va VAS bilan birgalikda qo‘llash maqsadga muvofiq.