Ushbu maqolada affektiv-respirator paroksizmlar bilan og‘rigan bolalarda temir tanqisligi anemiyasining o‘rni laborator ko‘rsatkichlar asosida tahlil qilindi. Taqdim etilgan laborator hujjatlarda gemoglobin miqdorining pasayishi, eritrotsitlar sonining kamayishi va rang ko‘rsatkichining pastlashuvi qayd etilgan bo‘lib, bu holatlar gipoxrom anemiyaga xos ekanligi bilan izohlanadi. Bir qator kuzatuvlarda vitamin D yetishmovchiligi va kalsiy miqdorining pasayishi ham aniqlangan. Biokimyoviy ko‘rsatkichlarning asosiy qismi nisbatan barqaror bo‘lsa-da, gematologik ko‘rsatkichlardagi o‘zgarishlar affektiv-respirator paroksizmlar patogenezida temir tanqisligi muhim omillardan biri ekanini ko‘rsatadi. Tadqiqot natijalari ARP bilan og‘rigan bolalarda umumiy qon tahlili, eritrotsitar indekslar va temir almashinuvi ko‘rsatkichlarini muntazam baholash zarurligini ko‘rsatadi.