Tadqiqotning dolzarbligi va maqsadi: Bolalar reanimatsiyasida kognitiv yuklama va stress o‘ta yuqori bo‘lib, shifokordan tezkor klinik qaror qabul qilish talab etiladi. Tadqiqotning maqsadi tibbiyot ta’limida In Situ simulyatsiyasini (ISS) Sun'iy Intellekt (SI), ko'z harakatini kuzatish (Eye-tracking) va yurak urishi o'zgaruvchanligi (HRV) datchiklari bilan integratsiya qilish orqali talabalarning klinik qaror qabul qilish tezligini oshirish va shifoxonadagi "Yashirin tizimli xavflar"ni (LST) diagnostika qilishdan iborat. Metodlar: Tadqiqotda 20 nafar klinik ordinator ishtirok etdi. Nazorat guruhi (n=10) an'anaviy simulyatsiya markazida, tajriba guruhi (n=10) esa bevosita real bolalar reanimatsiyasi palatasida (ISS) SI va biometrik sensorlar qamrovida anafilaktik shok ssenariysida o'qitildi. Natijalar: Klinik algoritmlarni ijro etish tezligi ("Time-to-intervention") tahlili shuni ko'rsatdiki, epinefrin yuborish vaqti nazorat guruhidagi 110±15 soniyadan tajriba guruhida 75±10 soniyaga qisqardi. SI orqali tajribasiz talabalarda "kognitiv tunnel" effekti aniqlanib, biometrik qayta aloqa yordamida bartaraf etildi. Shuningdek, real palatadagi ISS jarayonida tajriba guruhi tomonidan jami 12 ta yashirin tizimli xavf (LST) aniqlandi. Xulosa: In situ simulyatsiyasini SI biometriyasi bilan birlashtirish talabalarning "Yaqin rivojlanish zonasi"dagi kognitiv yuklamasini optimallashtiradi va butun shifoxona tizimi xavfsizligini ta’minlovchi noyob diagnostik instrument bo'lib xizmat qiladi.