Ushbu maqolada bolalarda nefrotik sindromda kuzatiladigan shish sindromi bilan laborator ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilindi. Tadqiqot retrospektiv tavsifiy-tahliliy usulda olib borilib, mavjud klinik-anamnestik va laborator ma’lumotlar o‘rganildi. Tahlilga nefrotik sindrom bilan og‘rigan bolalarning ma’lumotlari kiritildi. Bemorlarda qovoq, yuz, oyoq-qo‘llar va butun tanadagi shishlar, assit, oliguriya kabi klinik belgilar baholandi hamda umumiy qon tahlili, umumiy siydik tahlili, umumiy oqsil, albumin, mochevina va kreatinin ko‘rsatkichlari bilan qiyoslandi. Kuzatuvlarda shish sindromi kuchaygan bemorlarda umumiy oqsil va albumin miqdorining pasayishi, siydikda oqsil ajralishining ortishi, ayrim holatlarda azot almashinuvi ko‘rsatkichlarining o‘zgarishi aniqlanishi qayd etildi. Ayniqsa, tarqalgan shish va assit bilan kechgan holatlarda gipoproteinemiya va gipoalbuminemiya yaqqolroq namoyon bo‘ldi. Natijalar nefrotik sindromda shish sindromining klinik og‘irligi laborator o‘zgarishlar bilan chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Mazkur ko‘rsatkichlarni erta baholash kasallik og‘irligini aniqlash, monitoring va davolash taktikasini optimallashtirishda muhim ahamiyatga ega.