Mazkur tadqiqot 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarda pnevmoniyaning bronxoobstruktiv sindrom (BOS) bilan kechishining profilaktik chora-tadbirlarini sun’iy intellekt (SI) asosida takomillashtirishga bag‘ishlangan. So‘nggi yillarda bolalar orasida nafas yo‘llari kasalliklari, ayniqsa pnevmoniya va BOS bilan bog‘liq patologiyalar keng tarqalib borayotgani ushbu muammoning dolzarbligini yanada oshirmoqda.Erta yoshdagi bolalarda bronxlarning anatomik torligi, shilliq qavatning yuqori reaktivligi, mukus gipersekresiyasi va immun tizimining yetarlicha shakllanmaganligi tufayli pnevmoniya ko‘pincha bronxoobstruktiv sindrom bilan kechadi va kasallikning og‘ir hamda asoratli shakllarini yuzaga keltiradi. Shu bilan birga, kasallikning qaytalanish ehtimoli yuqori bo‘lib, bu esa kelgusida surunkali bronx-o‘pka kasalliklari rivojlanish xavfini oshiradi.Tadqiqotda Farg‘ona viloyati misolida 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida pnevmoniyaning BOS bilan kechishida asosiy xavf omillari aniqlanib, ularni baholashda zamonaviy sun’iy intellekt algoritmlaridan foydalanish imkoniyatlari o‘rganildi. Klinik, laborator va ijtimoiy-gigiyenik ko‘rsatkichlar asosida ma’lumotlar tahlil qilinib, mashinaviy o‘rganish (machine learning) modellaridan foydalangan holda yuqori xavf guruhiga kiruvchi bolalarni erta aniqlash imkoniyati yaratildi.Natijalar shuni ko‘rsatdiki, sun’iy intellekt asosida ishlab chiqilgan model yordamida bronxoobstruktiv sindrom rivojlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan bolalarni aniqlash, kasallikni erta diagnostika qilish va individual profilaktik yondashuvni qo‘llash mumkin. Ushbu yondashuv kasallikning og‘ir kechishi, asoratlar rivojlanishi va qaytalanish chastotasini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.Tadqiqot natijalari sun’iy intellekt texnologiyalarini pediatriya amaliyotiga joriy etish orqali pnevmoniyaning bronxoobstruktiv sindrom bilan kechishini oldini olish, xavf guruhidagi bolalarni monitoring qilish va profilaktik chora-tadbirlarni takomillashtirishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega.