Ushbu maqolada Farg‘ona vodiysida faoliyat yuritayotgan reanimatolog-anesteziolog shifokorlarning sog‘lig‘i holatining epidemiologik tavsifi, kasbiy faoliyat bilan bog‘liq xavf omillari hamda kasbiy kasalliklarning rivojlanish mexanizmlari o‘rganilgan. Tadqiqot davomida intensiv terapiya bo‘limlarida ishlovchi shifokorlarning mehnat sharoitlari, psixoemotsional zo‘riqish darajasi, ish va dam olish rejimi, zararli omillar (anestezik gazlar, biologik xavflar, tungi smenalar) ta’siri kompleks baholandi.
Olingan natijalar shuni ko‘rsatdiki, reanimatolog-anesteziologlar orasida surunkali charchoq sindromi, uyqu buzilishlari, yurak-qon tomir tizimi kasalliklari hamda psixosomatik holatlar yuqori darajada uchraydi. Shuningdek, uzoq muddatli kasbiy faoliyat davomida zararli ishlab chiqarish omillariga ta’sirlanish kasbiy kasalliklar rivojlanish xavfini sezilarli oshiradi.
Maqolada aniqlangan xavf omillarini kamaytirish, shifokorlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish va kasbiy kasalliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Jumladan, mehnat gigiyenasini yaxshilash, ish vaqtini optimallashtirish, shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish va psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish muhim ahamiyatga ega ekanligi asoslab berilgan.Mazkur tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash tizimida ishlovchi mutaxassislar salomatligini yaxshilash va mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.